TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Omsk innovatsion texnologiyalar zavodi (OmZIT) Buxoroda issiqlik ta’minoti sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati matbuot xizmati xabar berdi.
OmZIT O‘zbekistonda, jumladan Buxoroda muhandislik markazi tashkil etish va ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish niyatida. Shu maqsadda zavod bosh direktori o‘rinbosari Dmitriy Baxta va “Energomash” ijrochi direktori Pavel Atramonov Buxoroda bo‘lib turibdi.
Ular viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda muhandislik markazini tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash, energetika strategiyasi doirasida ta’lim sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, sun’iy intellekt asosida qozonlarni boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mehmonlar Buxoro davlat texnika universiteti, Buxoro shahar 1-son texnikumi va “Buxoroenergomarkaz” AJ faoliyati bilan tanishdi.
Yakunda OmZIT, Buxoro shahar hokimligi, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Buxoro shahar 1-son texnikumi o‘rtasida issiqlik ta’minoti sohasida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan muhandislik markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Ma’lumotga ko‘ra, 1997-yilda tashkil etilgan, “Lavart” brendi ostida sanoat qozonlari va isitish tizimlari ishlab chiqaruvchi ushbu korxona yuqori energosamarador texnologiyalar asosida faoliyat yuritadi. Zavodda robotlashtirilgan liniyalar, lazer kesish va avtomatik nazorat tizimlari joriy etilgan.