TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish va tashqi bozorlarda mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Bu bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, to‘qimachilik korxonalari iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Shu asosda ularni qo‘llab-quvvatlashning manzilli dasturi amalga oshiriladi.
Garov sifatida to‘lovi to‘liq amalga oshirilgan yoki korxonaning o‘zi yetishtirgan xomashyo qabul qilinib, korxonalarga 2 million dollargacha kredit ajratilishiga ruxsat etildi.
Kreditlar Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan ajratiladi.
Shuningdek, sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari 7-yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Paxta xomashosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha esa 2026–2027 yillarda yanvar–fevral oylari uchun belgilangan to‘lovlar kredit shartnomasiga muvofiq oxirgi 6 oyga teng taqsimlab to‘lanishi belgilandi.