TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) huzuridagi Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi raqamli loyihalar uchun xalqaro tanlov e’lon qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov YeOTBga a’zo davlatlar — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida raqamli integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan.
Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, tanlovda sohalar bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘q. Xususan, moliya, elektron savdo, logistika, sanoat, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlardagi raqamli yechimlar qabul qilinadi.
Tanlovda faqat yuridik shaxslar, xalqaro tashkilotlar va davlat organlari ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar kamida 2-yillik raqamli sohada ish tajribasiga ega bo‘lishi, moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lishi va soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi shart.
Grantli moliyalashtirish doirasida loyihalar 1 million AQSh dollarigacha qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bunda loyihada integratsiyaviy komponent, ya’ni bir necha mamlakat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan jihat bo‘lishi talab etiladi. Kredit moliyalashtirish doirasidagi loyihalar uchun qo‘llab-quvvatlash summasi bo‘yicha cheklov yo‘q bo‘lib, bunday loyihalarda integratsiyaviy komponent bo‘lishi majburiy emas.
Arizalar 2026-yil 31-yanvarga qadar elektron shaklda qabul qilinadi. Tanlov yakunlari esa 2026-yil 30-mayga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, tanlovda g‘olib bo‘lish avtomatik ravishda moliyalashtirishni kafolatlamaydi, biroq keyinchalik YeOTB mablag‘larini jalb qilishda muhim ustunlik hisoblanadi.