TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar samara bermagani, jumladan ustav kapitalining qonunchilikda belgilangan eng kam talabga yetkazilmagani sababli qabul qilindi.
Bank faoliyatini belgilangan tartibda tugatish belgilanib, tugatish komissiyasi tayinlandi va unga tegishli vakolatlar berildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mavjud 32 526 nafar omonatchidan 32 153 nafariga kafolatlangan omonat mablag‘lari to‘liq qaytariladi. Qolgan 373 nafar omonatchi bo‘yicha mablag‘lar qonunchilikka muvofiq tugatish komissiyasi qarori asosida qaytariladi. Omonatlar bo‘yicha aniq hisob-kitoblar Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 1-yanvardan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 500 milliard so‘m etib belgilangan. Biroq, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, “Yangi bank” AJ ustav kapitali 355 milliard so‘mni tashkil etgan.
Markaziy bank tomonidan ushbu holat yuzasidan bir necha bor yozma ogohlantirishlar berilgan bo‘lsa-da, yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan. Ustav kapitali talabga mos kelmasligi, shuningdek ayrim moliyaviy operatsiyalarda belgilangan cheklovlarga rioya etilmagani jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholanadi.
Shu bilan birga, qonunchilikka ko‘ra, bankning ketma-ket uch chorak davomida regulyativ kapitalining 10 foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rishi yoki zarar hajmi regulyativ kapitalning 50 foizidan oshishi litsenziyani chaqirib olish uchun asos hisoblanadi.