Sergeli va Yangihayotda ekologik reydlar: "O‘zvtorsvetmet" boshqa hududga ko‘chiriladi

Yangihayot va Sergeli tumanlarida ko‘rilgan choralar natijasida havoga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqishining oldi olindi.
Sputnik
TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. 13 yanvar kuni havoning ifloslanishini kamaytirish maqsadida maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahrining Yangihayot tumani va Sergeli tumanida joylashgan sanoat zonalarida ekologik reydlar o‘tkazildi.
Sergeli tumanida V. L. Galparin nomidagi Toshkent quvur zavodi faoliyati tekshirildi. Korxona payvandlangan quvurlar ishlab chiqaradi va atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat obyektlari toifasiga kiradi.
Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida esa O‘zvtorsvetmet AJ korxonasi faoliyati o‘rganildi. Ushbu obyekt ham ekologik xavfi yuqori korxonalar qatoriga kiradi. Avvalroq, 2025-yil oktabr oyida bu yerda tekshiruv o‘tkazilib, korxonaga majburiy ko‘rsatma berilgan edi.
Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan berilgan ko‘rsatmaga muvofiq, korxona Yangihayot tumanida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatmoqda va boshqa hududga ko‘chirilmoqda. Yangi joyda ishlab chiqarish texnologik jihatdan yanada takomillashgan uskunalar asosida davom ettiriladi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida atmosferaga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olindi. Bu esa Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Janubiy sanoat zonasida Ikkilamchi qora metallar korxonasining Toshkent filiali ham tekshirildi. Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra barcha korxonalarga ekologik meyorlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Toshkent viloyatida polietilen yoqib, ekologiyaga zarar yetkazgan korxona faoliyati to‘xtatildi