TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi — Majlis Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)dan tashqariga olib chiqilayotgan tovarlarning kelib chiqishini aniqlash va tasdiqlash bo‘yicha yagona qoidalarni belgilaydigan bitimni ratifikatsiya qildi. Bu haqda Majlis matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur bitim 2023-yil 4-dekabr kuni Moskvada imzolangan. Hujjat YeOIIga a’zo davlatlar tomonidan eksportda tovarlarning kelib chiqish mamlakatini tasdiqlashga oid yondashuvlarni bir xillashtirish hamda yagona nazorat tartibini joriy etishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, bitimning amalga oshirilishi Qozog‘iston tovarlarini Ittifoqqa a’zo bo‘lmagan davlatlarga, ayniqsa, taqiq va cheklovlar joriy etilgan mahsulotlar bo‘yicha, YeOIIga a’zo boshqa mamlakatlar hududlari orqali olib chiqishni nazorat qilish imkonini beradi.
Bu esa “kulrang reeksport” sxemalarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
YeOIIga beshta davlat - Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston kiradi. Birlashma yagona iqtisodiy makonni shakllantirish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan.