TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik doirasida 7 milliondan ortiq turar joy obyektlarining aniq GPS-koordinatalari belgilandi. Bu haqda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining rasmiy sahifasida ma’lum qilingan.
Bu keng ko‘lamli tadbir Milliy statistika qo‘mitasi tashabbusi bilan 2025-yil dekabr oyida respublika bo‘ylab joyiga chiqqan holda amalga oshirildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur jarayon oddiy texnik ish emas, balki strategik ahamiyatga ega noyob loyiha hisoblanadi.
U aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni zamonaviy texnologiyalar asosida shaffof, ishonchli va aniq ma’lumotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
GPS-ma’lumotlar orqali qo‘mita ro‘yxatga olish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish, solishtirish va chuqur tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ekspertlar fikricha, ushbu tadbir kelgusi o‘n yilliklar uchun demografik va hududiy rejalashtirishda mustahkam poydevor yaratadi.