TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolayotgan har qanday davlatga nisbatan AQSh bilan amalga oshiriladigan barcha savdo operatsiyalariga 25 foizlik boj joriy etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mazkur qaror darhol kuchga kiradi.
"Bundan buyon Eron bilan ish olib borayotgan har qanday davlat Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan amalga oshiriladigan barcha turdagi biznes uchun 25 foizlik boj to‘laydi. Bu qaror yakuniy va qat’iy", — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Muhammad Atabak uchrashuvda 2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 500 million dollarni tashkil etganini ma’lum qilingan edi.
Shuningdek, 2025-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokida 222 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular asosan qurilish, transport va farmatsevtika sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.