TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Propan narxlarini barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida birja savdolarida o‘rtacha narxlar 9,3 million so‘mdan 7,8 million so‘mgacha, ya’ni 18 foizga pasaydi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil noyabr–dekabr oylari hamda joriy yil yanvar oyida propanning birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish va mahsulot hajmlarini sun’iy ravishda savdolarga chiqarmaslikka qaratilgan raqobatga zid, muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan jami 92 ta import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan belgilangan tartibda monopoliyaga qarshi ishlar qo‘zg‘atildi. Xususan, ular:
Toshkent shahrida — 21 ta,
Samarqand viloyatida — 17 ta,
Farg‘ona viloyatida — 13 ta,
Xorazm viloyatida — 12 ta,
Andijon viloyatida — 7 ta,
Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 5 ta,
Qashqadaryo viloyatida — 5 ta,
Sirdaryo viloyatida — 4 ta,
Namangan viloyatida — 4 ta,
Buxoro viloyatida — 3 ta,
Toshkent viloyatida — 1 tani tashkil etgan.
Qayd etilishicha, propanning chakana narxlari asossiz oshirib yuborilishining oldini olish maqsadida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida doimiy monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.