TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari farzandga ota ismi asosida familiya berish amaliyotini qonuniylashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan. Amaldagi qonunchilikka, xususan, Oila kodeksiga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Shu bilan birga, milliy an’analarga muvofiq bolaga boboning ismi asosida familiya berib kelinmoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda bolaga ota ismi asosida familiya berish imkoniyati qonun hujjatlarida aniq belgilanmagani sababli ularni turlicha talqin qilish holatlari va fuqarolarning haqli e’tirozlari yuzaga kelmoqda.
Masalan, bolalar uyida ulg‘aygan yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslar o‘z farzandlariga otasining ismidan familiya berishni istamaydi. Har kuni o‘rtacha 10–15 nafar ota-ona FHDYo organlariga murojaat qilib, bolaning tug‘ilganlik guvohnomasiga o‘zgartirish kiritish orqali familiya va ismni rasmiylashtirmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasini tayyorlash jarayonida xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bolaning familiyasini ota yoki boboning ismi asosida belgilash amaliyoti qonunchilik bilan mustahkamlangan.
Muhokamalar davomida, shuningdek, keyingi o‘qishlarda familiyaga qo‘shiladigan "-ov", "-yev", "-ova", "-yeva" qo‘shimchalarini qonun hujjati bilan belgilash masalasini ham ko‘rib chiqish taklif etildi.