TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar — O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda prokuratura organlari faoliyatida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini, tizim xalqqa yaqinlashib, inson huquqlari, qonuniylik va adolatni ta’minlashda samarali ish olib borayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilda 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, salkam 29 ming tadbirkorning muammosi hal etilgan. Yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar natijasida davlat budjetiga 22,3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlangan.
Shuningdek, jinoyatchilik profilaktikasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash, kiberjinoyatlarni aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda prokuratura organlari oldida muhim vazifalar turgani ta’kidlandi.
Yakunda Prezident barcha soha vakillarini kasb bayrami bilan qutlab, ularga sog‘liq, omad va mas’uliyatli faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.