TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan yaxlit va manzilli ishlash tizimi joriy etiladi. Bu Prezident tomonidan imzolangan qarorda belgilab qo‘yilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yilda hududlardagi mahallalar mas’ul rahbarlar va idoralarga quyidagi tartibda nomma-nom biriktiriladi:
Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar — tuman (shahar) hokimlari, prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga;
So‘nggi 5-yil davomida “qizil” toifada bo‘lib kelayotgan mahallalar — Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlari va hokimlarning o‘rinbosarlariga;
3 yildan beri “qizil” toifada qolib kelayotgan mahallalar — huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga;
Kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan tuman va shaharlar — viloyat darajasidagi prokurorlar hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlariga;
Ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi, shuningdek nizoli oilalar ulushi eng yuqori bo‘lgan mahallalar — tegishli ravishda viloyat darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari boshliqlariga.