TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Telegram va Instagram* ijtimoiy tarmoqlarida Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarni aldab kelgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli besh nafar shaxs ijtimoiy tarmoqlarda “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Ular “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki bojxona tizimi xodimlari sifatida tanishtirgan.
Jinoiy guruh a’zolari maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan "iPhone"larning so‘nggi modellarini juda arzon narxlarda taklif qilgan.
Shuningdek, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlarni yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlar esa o‘zgalar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan.
Natijada 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan jami 117 million so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Mahsulot talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilib, javobsiz qoldirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
* Meta (Instagram ijtimoiy tarmog‘i) faoliyati Rossiyada ekstremistik faoliyat sifatida taqiqlangan.