Afg‘oniston tashqi savdosi salkam $14 mlrdga yetdi — O‘zbekiston yetakchi hamkorlar qatorida

Afg‘oniston tashqi savdo aylanmasida import hajmi eksportga nisbatan sezilarli darajada yuqoridir.
Sputnik
TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Afg‘onistonning tashqi savdo hajmi 2025-yilda qariyb 14 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etildi. Bu haqda RIA Novosti Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda umumiy savdo hajmi 13,932 milliard dollar bo‘lib, shundan 1,807 milliard dollari eksport, 12,125 milliard dollari import hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2024 yilda eksport 1,803 milliard dollarni, import esa 10,619 milliard dollarni tashkil etib, tashqi savdo hajmi 12,422 milliard dollarni tashkil qilgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, Pokiston tomonidan savdo yo‘llari cheklanganiga qaramay, Afg‘onistonning tashqi savdo faolligi barqaror saqlanib, o‘sishga erishilgan.

Afg‘onistonning asosiy eksport bozorlari orasida Hindiston, Pokiston, O‘zbekiston, BAA, Qozog‘iston, Eron, Turkiya va Xitoy qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar, shuningdek, ko‘mir, paxta va gilamlar asosiy eksport tovarlari bo‘lib turibdi.
Import yo‘nalishida esa Eron, BAA, Pokiston, Xitoy, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiya asosiy hamkorlar hisoblanadi. Import mahsulotlari orasida yoqilg‘i, oziq-ovqat, texnika, dori-darmon va sanoat xomashosi ustunlik qiladi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari Kobulda 36 mln dollarlik kelishuvlarga erishdi