TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. 2024 yilda YeOII doirasida davlat xaridlari hajmi 143,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar YeIKning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan 2024-yil uchun “YeOIIga a’zo davlatlarning davlat (munitsipal) xaridlari” nomli yillik tahliliy sharhida keltirilgan.
Ta’kidlanishicha, xaridlarning 105,1 milliard dollari yoki 73,9 foizi a’zo davlatlar tovarlari, ishlari va xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 37,4 milliard dollar yoki 26,1 foizi esa uchinchi mamlakatlardan amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida 5,6 millionta davlat xaridi amalga oshirilgan. Ularning qariyb 70 foizi elektron shaklda o‘tkazilgan. Davlat xaridlari sohasida raqamlashtirishning eng yuqori darajasi Qozog‘iston va Qirg‘izistonda (100 foiz) qayd etilgan. Rossiyada esa bu ko‘rsatkich 72,4 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, raqobatli tartib-taomillar ulushi o‘tkazilgan barcha xaridlarning 50 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foiz punktga oshgan.
Umuman olganda, 2024-yilda YeOII doirasida davlat xaridlari orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni o‘zaro yetkazib berish hajmi 728,7 million dollarga yetgan. Transchegaraviy davlat xaridlarida Rossiya tovarlari yetakchi bo‘lib, ular umumiy hajmning 46,5 foizini tashkil etgan. Belarus hissasi esa 28,4 foizga teng bo‘lgan.