TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “M-25” koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning (neft suyuqligi) yer yuzasiga chiqishi holati qayd etilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, neft suyuqligi tarqalishining oldini olish maqsadida kon hududi atrofida, shuningdek, soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etilgan.
Yig‘ib olingan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda hajmi 5 ming kub metr bo‘lgan, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud bo‘lib, ular neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borilmoqda.
Shuningdek, neft suyuqligi namunalari bo‘yicha tahlil ishlari amalga oshirilmoqda. Ularning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda. Dastlabki kunlarda kanalga oqib chiqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari ham olib borilayotgani ma’lum qilindi.