Shveysariyada sodir bo‘lgan fojia qurbonlari orasida o‘zbekistonliklar yo‘q

Alp tog‘ida joylashgan barda sodir bo‘lgan yong‘inda 40 kishi qurbon bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. Shveysariyaning Kran-Montana shahrida sodir bo‘lgan fojiali yong‘in qurbonlari orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqida Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxonov ma’lum qildi.
"Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi va Shveysariyadagi diplomatik vakolatxonalari mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirgi vaqt holatiga ko‘ra, vafot etganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari aniqlanmagan", - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, yangi yil oqshomida Shveysariyaning Alp tog‘laridagi Kran-Montana kurortidagi barda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, yana 115 kishi og‘ir jarohatlar olgan edi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga yog‘och shiftga yaqin joyda o‘rnatilgan pirotexnika sabab bo‘lgan. Bar binoning yerto‘la qismida joylashgani va chiqish eshigining torligi sababli odamlar tezda tashqariga chiqa olmagan.
Ushbu hodisa munosabati bilan Shveysariyada besh kunlik motam e’lon qilingan.