TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati uzaytirildi.
Prezident imzolagan yangi farmonga ko‘ra, ichki iste’mol bozoridagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar importiga nisbatan bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2027-yil 1-yanvariga qadar uzaytirildi.
Ro‘yxatda qoramol va qo‘y go‘shti, baliq, shakar, sariyog‘ va sutdan tayyorlangan boshqa moylar va yog‘lar, parranda tuxumlari, banan, sitrus mevalari (limondan tashqari), qahva, choy, hayvon va o‘simlik yog‘lari va moylari, margarin, xamirturush, bug‘doy uni, yogurt, pishloq va tvoroglar, piyoz, sarimsoqpiyoz, quritilgan xurmo, olma, nok, behi, un, tayyor yoki konservalangan go‘sht mahsulotlari, murabbo, mevali jele, marmelad, konservalangan mevalar, yong‘oqlar, souslar, mineral va gazlangan suvlar, bolalar kiyimi, poyabzal va boshqa ko‘plab mahsulotlar o‘rin olgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda zarur hollarda “oziq-ovqat xavfsizligi, aholining oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlari bilan ta’minlanganligi darajasi hamda ichki bozorda narxlar barqarorligidan kelib chiqqan holda” bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatini o‘zgartirish bo‘yicha prezident ma’muriyatiga takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan.
O‘zbekistonda 2025-yil oxirigacha 2023-yil martida joriy etilgan 36 toifadagi oziq-ovqat va boshqa tovarlarga bojxona to‘lovlarining nol stavkalari amal qilardi.