Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyaci asbob-uskunalari bojdan ozod qilinadi

Belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar 2028-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining alohida turdagi iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashga hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar asosida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan quyidagi tovarlar 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi:
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar;
pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvargacha “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun mazkur faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi:
chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olgan daromadlari hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etgan bo‘lsa;
har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblangan bo‘lsa.
Elektromobillardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha yangi imtiyozlar beriladi