TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Mahallalar, ko‘chalarni toza-ozoda va obod saqlovchi respublika bo‘yicha jami 100 nafar “Tabiat uyg‘unligi himoyachilari” farzandlarining umumiy qiymati 916 mln 718 ming so‘m miqdoridagi kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ko‘p yillar davomida mehnat qilgan xodimlari qatnashishdi.
Tanlovda qatnashish uchun jami 182 ta ariza kelib tushgan. Maxsus komissiya ularni shaffof va adolatli ko‘rib chiqqan va baholagan.
“100 nafar munosibi saralab olindi. Yangi yil bayrami arafasida g‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlariga agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi”, - deyilgan xabarda.
Sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkazilishi hukumatning tegishli qarorida belgilangan.