Zelenskiyga yaqin deyilgan deputatlar korrupsiya ishi: bu safar Mindich ishiga aloqasi yo‘q

"Yevropa birdamligi" bayonotida aytilishicha, korrupsiyaga qarshi kurash shiorlari ostida hokimiyatga kelgan Vladimir Zelenskiy jamoasi o‘zlari Ukrainada tizimli korrupsiya sxemalarini shakllantirgan.
Sputnik
TOShKENT, 28 dek — Sputnik. Ukraina Milliy antikorrupsiya burosi (NABU) Ukraina Oliy Radasining bir qator deputatlariga, jumladan, Vladimir Zelenskiy va uning sobiq birinchi yordamchisi Sergey Shefirga yaqin shaxs sifatida tilga olinayotgan deputat Yuriy Kiselga nisbatan tergov harakatlarini olib bormoqda.
Avvalroq NABU Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura (SAP) bilan hamkorlikda parlamentda ovoz berish orqali noqonuniy foyda olgan bir guruh deputatlar fosh etilgani haqida xabar bergan edi.
Ukrainaning "Zerkalo nedeli" nashri manbalarga tayanib, NABU ikki yildan ortiq vaqt davomida Yuriy Kiselga nisbatan yashirin tergov harakatlarini olib borganini ma’lum qildi. Jurnalistlarning yozishicha, bu ma’lumot deputatning o‘zini ham, tergov jarayonlari davomida Kisel bilan aloqada bo‘lgani aytilgan Sergey Shefirni ham xavotirga solgan.
Keyinroq NABU parlament binosida Davlat qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari detektivlarning ishiga to‘sqinlik qilganini ma’lum qildi.
Sodir bo‘layotgan voqealar fonida sobiq prezident Potr Poroshenko boshchiligidagi "Yevropa birdamligi" partiyasi bayonot bilan chiqib, ishda ishtirok etayotgan deputatlardan mandatlarini topshirishni, parlament spikeri Ruslan Stefanchukdan esa "Xalq xizmatkori" partiyasining ko‘pchiligi — parlamentda koalitsiyasiz shakllangan ko‘pchilikni tarqatilganini e’lon qilishni talab qildi.
Partiyaning Telegram kanalida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Vladimir Zelenskiy yetti yil oldin korrupsiyaga qarshi kurash shiorlari ostida hokimiyatga kelgan. Bayonot mualliflarining fikricha, aynan shu shiorlar bilan u parlamentga o‘z jamoasini olib kirgan, ammo keyinchalik mas’uliyatni o‘tmishdoshlarga yuklash amaliyoti shakllangan.
Shu bilan birga, partiya vakillari Ukraina tarixida ilk bor davlat korxonalari, energetika, mudofaa va bank sohalari hamda Oliy Rada faoliyatini qamrab olgan tizimli korrupsiya sxemalari yuzaga kelganini ta’kidlagan.
"Zerkalo nedeli" ma’lumotlariga ko‘ra, deputatlar Yevgeniy Pivovarov, Igor Negulevskiy, Olga Savchenko va Yuriy Kiselga nisbatan noqonuniy foyda olish ayblovlari qo‘yilgan. Ular parlamentda ovoz berish orqali manfaat ko‘rganlikda gumon qilinmoqda.
Nashrning aniqlashicha, gumonlanuvchilarga jinoiy uyushma tuzish va unda ishtirok etishga doir moddalar ham qo‘llanilgan. "Kvartal 95" studiyasida Yuzik sahna nomi bilan tanilgan deputat Yuriy Koravchenkov Ukraina hududini tark etgani aytilmoqda. Shu bilan birga, "Xalq xizmatkori" fraksiyasi kotibi Taras Melnichukka nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi
Ukraina amaldorlari xorijga qochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Rossiya TRX