TOShKENT, 28 dek — Sputnik. 2025 yilda amalga oshirilgan ishlarning asosiy natijalaridan biri — Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida umumiy gaz bozorini rivojlantirish rejasi hamda neft sohasida savdo va birja savdosi qoidalari loyihalarining ishlab chiqilganidir. Bu haqda YeIK energetika va infratuzilma bo‘yicha vaziri Arzibek Kojoshev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2025-yilda YeOII energetika sohasida qator muhim yutuqlarga erishildi. Jumladan, elektr energiyasi savdosiga qo‘shilish to‘g‘risidagi shartnoma shaklini ishlab chiqish yakuniy bosqichga yetkazildi. Hujjat qabul qilingach, umumiy elektr energiyasi bozori uchun texnologik va axborot platformasini yaratish ishlari boshlanadi.
Transport sohasida yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish davom ettirildi. e-CMR elektron xalqaro yukxatlarini qo‘llash bo‘yicha tajriba loyihasi yo‘lga qo‘yildi, navigatsiya plombalarini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Shuningdek, transport vositalarining ruxsat etilgan massasi va o‘lchamlariga oid bitim imzolandi. Kabotaj tashuvlar, ya’ni bir davlat hududidagi ichki tashuvlarni xorijiy transport kompaniyasi amalga oshirishiga oid dastur joriy etilmoqda. Uni kelgusi yilda YeOIIning barcha davlatlari uchun to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Intellektual transport tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Bundan tashqari, ittifoqqa a’zo besh davlatning uchinchi mamlakatlar bilan infratuzilma loyihalari portfelini shakllantirish bo‘yicha qaror tayyorlandi.