Toshkent qanday bo‘ladi: poytaxt uchun dizayn-kod ishlab chiqildi

Hujjat shahar muhitining yangi madaniyatini – jonli, tartibli va ko‘rkam ko‘rinishni shakllantirishi ta’kidlanmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Toshkent shahri dizayn-kodini joriy qilish va amalga oshirishni tartibga soluvchi hujjat ishlab chiqildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu meyoriy-huquqiy hujjat 25-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qurilish, kommunal xo‘jalik, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan
Kengash qaroriga ko‘ra, dizayn-kodni tartibga soluvchi ilovalar tez kunda regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, shuningdek, aholi va mutaxassislar hamjamiyati tomonidan fikr-mulohazalar, takliflar va savollar kiritilishi uchun e’lon qilinadi.
🟠 V Tashkente primut dizayn-kod goroda
Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari:
binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;
peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;
obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritgichlari, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;
ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;
tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.
Alohida ta’kidlanishicha, hujjat vizual tartibga solishdan tashqari, yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanish masalalarini ham qamrab oladi, shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini hisobga olgan holda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilaydi.
Dizayn-kodning joriy etilishi tadbirkorlik faolligining qo‘shimcha o‘sishi, yondosh hududlardan yanada samarali va qonuniy foydalanish, biznes va aholi daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratadi, shuningdek, shahar muhitining qulayligi va xavfsizligini oshiradi.
Poytaxtning dizayn-kodi shaharsozlik loyihalarini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tahliliy va loyiha markazi bo‘lgan “Citymakers International” va “Toshkent Invest Kompaniyasi” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. "Citymakers International" kompaniyasi yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari hududlarida shunday yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribaga ega.
Matbuot markazi
Toshkent ekologik muammolarni qanday hal qilmoqda - video