Mirziyoyev mamlakatning tashqi siyosatini belgilab berdi

Jumladan, asosiy xorijiy sheriklardan biri hisoblangan Rossiya bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan keyin ham e’tibor markazida bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 dek – Sputnik. O‘zbekiston yaqin qo‘shnilari bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan murojaatnomasi chog‘ida ma’lum qildi.
Davlat rahbari bu jarayonda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik yanada chuqurlashtirilishini qayd etdi.
Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlardan biri bo‘lib qoladi.
“Asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan keyin ham e’tibor markazida bo‘ladi”, - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida an’anaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalari yanada kengaytiriladi.
“Bunday ulug‘vor vazifalar bizdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Buning uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz”, - dedi prezident.
Matbuot markazi
O‘zbekiston - Rossiya hukumatlararo komissiyasi yakunlari muhokama qilindi - video