TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Xanoy shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Vyetnam o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida bayonnoma imzolandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan kelishilgan chora-tadbirlar majmuasini o‘z ichiga oladi.
Yig‘ilish O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rinbosari Ilzat Kasimov hamda Vyetnam sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Fan Txi Txang hamraisligida o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ta’lim hamda turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.