O‘zbekistonda o‘rmonlar 4,7 mln gektarga yetdi: sohada qanday tadbirlar amalga oshirilmoqda?

O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni 4,7 million gektarga yetdi, o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish doirasida ko‘kalamzorlashtirish va melioratsiya ishlari davom etmoqda
Sputnik
TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Joriy yilda o‘rmonlarni barpo etish va tiklash ishlari 150,7 ming gektar maydonni qamrab oldi va O‘zbekiston hududini qoplagan o‘rmonlarning umumiy maydoni 4,7 million gektarga yetdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, o‘rmon-melioratsiya tadbirlarining asosiy qismi Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri kelib, u yerda 145,2 ming gektar maydon o‘zlashtirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ushbu yo‘nalishda quyidagi ishlar ham amalga oshirildi:
979 tonna daraxt va buta urug‘lari tayyorlandi;
mamlakatdagi barcha o‘rmon xo‘jaliklarida 1300 gektar maydonda zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etildi;
mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan 123 million tup ko‘chat va nihol yetishtirilmoqda;
cho‘l va tog‘oldi hududlarida 1390 gektar maydonda himoya o‘rmon chiziqlari barpo etildi;
tog‘li va adir hududlarda 41 gektar maydonda o‘rmonlar terrasalash usulida yaratildi;
5890 gektar yer maydonida 7918 tonna dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari yetishtirildi;
avval past samarali deb topilgan 4842 gektar yer o‘zlashtirildi;
1530 gektar o‘rmon fondi yer uchastkalari onlayn-auksionlar orqali ijaraga berildi;
Xitoydan 30 ming tup brussonetiya ko‘chati olib kelinib, ular asosida 100 gektar maydonda eksperimental plantatsiyalar tashkil etildi;
Arnasoy tumanida sho‘rga chidamli o‘simliklardan yangi galofit bog‘ini yaratish ishlari boshlandi va shu maqsadda Xitoydan 35 turdagi galofit o‘simliklarining 1315 kilogramm urug‘i import qilindi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasida “yashil do‘stlik belbog‘i” yaratilishi mumkin