Qoraqalpog‘istondagi “Mo‘ynoq” konidan gaz olish boshlandi

Usturtdagi “Mo‘ynoq” konida 3-sonli quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi. Quduq 4 940 metr chuqurlikda burg‘ilandi, sinov ishlari davom etmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Usturt platosida joylashgan “Mo‘ynoq” konida muhim geologik natijaga erishildi — 3-sonli izlov qudug‘idan sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olindi. Bu haqda "O‘zbekneftgaz" AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, quduqda burg‘ilash ishlari joriy yilning 8-sentabr kuni “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” tomonidan boshlangan bo‘lib, quyi yura qatlamlari 4 940 metr chuqurlikkacha burg‘ilangan.
Ma’lum qilinishicha, uch sutka davomida mahsuldor qatlamning tabiiy xususiyatlari o‘rganilgan. Tadqiqotlar natijasida quduqning kunlik debiti, qatlam bosimi va boshqa asosiy parametrlari aniqlanmoqda.
Ayni paytda Mo‘ynoq maydonida yana ikki quduqda burg‘ilash va sinov ishlari davom etmoqda. Mutaxassislar tez orada ushbu quduqlardan ham natija olinishini kutmoqda.
Boysundagi konda gaz yoqilishi havoga zararli modda tarqalishini cheklashga qaratilgan-vazirlik