TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Yangi yil bayramida o‘zbekistonliklar ketma-ket 5 kun dam oladi. Prezident 2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, Yangi yil bayramida dam olish kunlari quyidagicha bo‘ladi:
31 dekabr, chorshanba — ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
1 yanvar, payshanba — Yangi yil bayrami;
2 yanvar, juma — barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) qo‘shimcha dam olish kuni;
3 yanvar, shanba — 6 kunlik ish haftasidagilar uchun qo‘shimcha, 5 kunliklar uchun esa odatiy dam olish kuni;
4 yanvar, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni.
Shu tariqa o‘zbekistonliklar ish kunlarisiz ketma-ket besh kun dam oladi.
Farmonda ta’kidlanishicha, "fuqarolarning to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash", shu jumladan, turizm uchun shunday qaror qabul qilingan.