TOShKENT, 24 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda viloyat boy tabiiy resurslar va infratuzilmaga ega bo‘lsa-da, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Qazilma boyliklar qiymati 600 milliard dollarga baholanib, bu salohiyatning hatto 10 foizi ham o‘zlashtirilmagani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Surxondaryoni investitsiya, ish o‘rni, aholi daromadi va eksport sur’atlari eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Kelgusi yilda 114 ta qazilma kon zaxirasi asosida 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 milliard dollarlik qismini ishga tushirish rejalashtirildi.
Drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 milliard so‘m ajratilib, 36 ta loyiha amalga oshiriladi va 9 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, turizm sohasida mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlar ochish zarurligi qayd etildi.
Kelgusi yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi
Davlat rahbari yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.