TOShKENT, 24 dek – Sputnik. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangi tibbiy majmuaga ko‘chirilib, uning hududida Kreativ industriya parki, Toshkent filiali joylashgan hududda esa barcha uchun ochiq yashil jamoat parki tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari vazirlik tomonidan markazda tashkil etilgan press-turda ma’lum qildi.
Press-turda bildirilgan asosiy ma’lumotlar:
Markazni yangi 650 o‘rinli tibbiy majmuaga ko‘chirish texnik imkoniyatlarni kengaytirish, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda
O‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan amaldagi binolar konstruktiv jihatdan zamonaviy onkologiya xizmati talablariga to‘liq javob bermas edi. Shu sababli markazni yangi zamonaviy tibbiy majmuaga ko‘chirish maqsadga muvofiq va strategik ahamiyatga ega qaror sifatida baholanmoqda.
Markaz filialida ishlayotgan barcha 449 nafar tibbiyot xodimiga Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasalarida ish taklif etilmoqda. Ushbu jarayonda hech bir xodim ishsiz qolmasligi kafolatlanadi.
Ayni paytga qadar filialda davolanib kelgan barcha bemorlar amaldagi klinik protokollar, rejalashtirilgan qabul jadvali va belgilangan navbat asosida yangi markazga yo‘naltirildi. Bemorlarning bepul davolanish bo‘yicha mavjud imtiyozlari to‘liq saqlab qolinadi.
Tibbiy xizmatlar hajmi, dasturlar va imtiyozlar qisqartirilmaydi.
Filialning avvalgi binolari qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshiriladi.
Markazning maslahat-diagnostika poliklinikasida elektron tibbiy kartalar tizimi joriy etildi. Ilgari bemorlar bu jarayon uchun o‘rtacha 15 daqiqa vaqt sarflagan bo‘lsa, hozirda 2–3 daqiqa kifoya qilmoqda.
Poliklinika qabulxonasida bemorlarni ro‘yxatga oluvchi xodimlar soni 3 nafardan 10 nafarga oshirildi, shuningdek, 10 dan ortiq tor soha mutaxassislari uchun qo‘shimcha xonalar tashkil etildi.
Muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan operatsiya bloklari, ilg‘or reanimatsiya bo‘limlari, qulay poliklinika xonalari, sterilizatsiya va laboratoriya zonalariga ega bo‘lib, tibbiyot xodimlari uchun xavfsiz va samarali mehnat sharoitini yaratdi.