TOShKENT, 24 dek – Sputnik. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Davron Vahabovning Iroqning Qurdiston avtonom hududining Erbil viloyati Savdo-sanoat palatasi prezidenti Gailan Hoji Said bilan uchrashuvi chog‘ida tomonlar o‘rtasida ilk bor anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Uchrashuv Vahabovning Iroqqa amalga oshirilgan ishchi tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Erbil Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, biznes tashriflar va qo‘shma tadbirlar tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Erbil viloyati Iroqning Kurdiston avtonom hududida joylashgan bo‘lib, aholisi 3 milliondan ortiq. Viloyat mintaqaning eng qadimiy, ayni paytda jadal rivojlanayotgan iqtisodiy, savdo va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.