CyberGuard CUP 2025: Toshkentda talabalar haqiqiy kiberhujumlarni qaytarishga o‘rganmoqda

Toshkentda butun mamlakatdan kelgan talabalar ikki kun davomida haqiqiy kibertahdidlarga juda yaqin sharoitda bo‘lib, o‘zlarini raqamli infratuzilmani himoya qiluvchilar sifatida sinab ko‘rishdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek – Sputnik. Toshkentdagi Inha universitetida CyberGuard CUP 2025 kiberxavfsizlik bo‘yicha xakaton bo‘lib o‘tdi. Musobaqa Capture the Flag (CTF) formatida bo‘lib, 42 ta jamoa - mamlakatning turli hududlaridagi texnika oliy o‘quv yurtlarining 200 nafardan ziyod talabalari ishtirok etdi. Ishtirokchilar raqamli muhitdagi haqiqiy tahdidlar va hujum ssenariylariga asoslangan amaliy vazifalarni yechdi.
Jamoalar ishi to‘liq avtomatlashtirilgan CTF platformasi orqali tashkil etildi: tizim bayroqlarni – bajarilgan vazifalarni qabul qilib, real vaqt rejimida ballarni hisobladi. Hakamlar hay’ati esa natijalarni moderatsiya qilish va tekshirish orqali musobaqaning shaffofligi va xolisligini ta’minladi.
Toshkentdagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev ta’limning bunday shakllari yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda asosiy omil ekanligini ta’kidladi.
“CyberGuard CUP 2025 shunchaki musobaqa emas, balki amaliy ko‘nikmalar shakllanadigan muhitdir. Biz talabalarning raqamli dunyoning haqiqiy muammolarini hal qilishni va yuqori mas’uliyat sharoitida qaror qabul qilishni o‘rganayotganlarini ko‘rmoqdamiz. Biz uchun bitiruvchilar kasbga kirishlari bilanoq duch keladigan vazifalarni uddalay olishlari muhim. Bunday tashabbuslar ta’limning sanoat bilan aloqasini mustahkamlaydi va mamlakatimizning raqamli ekotizimini rivojlantiradi”, – dedi Bobur Abdullayev.
Universitetning ta’kidlashicha, bunday musobaqalar 2023-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa-da, bu yil ularning formati sezilarli darajada kengaytirildi.
Inha universitetining Xalqaro aloqalar va strategik rivojlanish bo‘limi boshlig‘i Shahzoda Jalolova tashkilotchilar yangi ishtirokchilarni jalb etishga alohida e’tibor qaratganini ma’lum qildi.

“Biz yondashuvimizni o‘zgartirib, e’tiborimizni aynan kiberxavfsizlikka endigina qiziqish bildirgan talabalarga qaratishga qaror qildik. Bugungi kunda bu sohadagi mutaxassislar tanqisligi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz - yoshlarni ushbu sohaga qiziqtirish. Bu yil xakaton yanada keng miqyosda o‘tkazildi va unga mamlakatimizning turli hududlaridan ishtirokchilar tashrif buyurishdi”,– dedi Shahzoda Jalolova.

Topshiriqlar bajarilayotgan paytda jamoalar faoliyatini mentorlar — shunday musobaqalarning avvalgi ishtirokchilari va kiberxavfsizlik sohasidagi tajribali mutaxassislar kuzatishdi. Ular ishtirokchilarga topshiriqlar mantig‘ini tushunishda va yechim strategiyasini shakllantirishda ko‘maklashdi. Ustozlarning ta’kidlashicha, hatto jiddiy bilimga ega bo‘lmagan talabalar ham ikki kun davomida sezilarli kasbiy o‘sishni namoyish etishdihamda cheklangan vaqt va yuqori bosim sharoitida ishlash ko‘nikmasini egallashdi.
Ishtirokchilarning o‘zlari topshiriqlarning g‘ayrioddiy xususiyatini ta’kidlashmoqda. Talaba Behruz Abdullayev savollarga tayyor javoblar yo‘qligini aytdi.
“Topshiriqlar haqiqatdanham o‘ylashga majbur qildi. Bu yerda shunchaki internetdan yechim topib bo‘lmaydi - joyida masalani yechish kerak, turli yondashuvlarni o‘rganish va gipotezalarni tekshirish kerak bo‘ldi. Menimcha, bunday musobaqalarning qimmati ham aynan shunda. Siz barchasi amalda qanday ishlashini tushuna boshlaysiz”, - dedi talaba.
CyberGuard CUP 2025 yakunlariga ko‘ra, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) jamoasi birinchi o‘rinni egalladi - g‘oliblar Gruziyadagi ta’lim kiberlagerda ishtirok etish uchun barcha xarajatlarni qoplash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Ikkinchi o‘rinni 10 million so‘m pul mukofoti bilan Inha universiteti jamoasi qo‘lga kiritdi, uchinchi o‘rin esa 5 million so‘m pul mukofoti bilan “Yangi O‘zbekiston” universiteti jamoasiga nasib etdi.