Xitoy – Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasi tashkil etildi

Loyiha ta’lim, innovatsiya va texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek – Sputnik. Zhejiang Sci-Tech University tashabbusi bilan joriy yilning 23-dekabr kuni Xanchjou shahrida “Qadimiy va zamonaviy Ipak yo‘li” Xitoy–Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Laboratoriya “Xitoy–Markaziy Osiyo to‘qimachilik universitetlari alyansi” hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Markaziy Osiyo tomonidan qo‘shma laboratoriya direktori etib Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Baxtiyor Nasimov tayinlandi.
Tadbir doirasida Xitoy va Markaziy Osiyo to‘qimachilik universitetlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy laboratoriya faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan rasmiy hujjatlar imzolandi hamda taqdimotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida ipak sohasida ta’lim, texnologiya va kadrlar tayyorlash bo‘yicha Hamkorlik assotsiatsiyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, qo‘shma laboratoriya innovatsion texnologiyalar yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish, talabalar va olimlar uchun ilg‘or ilmiy loyihalarda ishtirok etish, tajriba almashish hamda yangi ilmiy yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Van I: Xitoy Markaziy Osiyo bilan “yagona taqdirli hamjamiyat”ni shakllantirish niyatida