Bojxonada katta o‘zgarishlar: 2026-yildan tadbirkorlarga yangi yengilliklar beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yildan tadbirkorlar uchun bojxona to‘lovlari, audit va deklaratsiyalash bo‘yicha yangi yengilliklar joriy etiladi
Sputnik
TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezident tomonidan tegishli farmon imzolandi.
Farmonga ko‘ra, chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazish jarayonida quyidagi holatlar aniqlanganda bojxona organlarini xabardor qilish tartibi joriy etiladi:
bojxona organlarining axborot tizimida shaxsga tegishli bojxona nazoratidagi avtotransport vositasi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lsa;
shaxs bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa.
2026 yil 1-iyundan:
tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning asosiy ta’minot turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimi natijalariga ko‘ra, pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.
2026 yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida:
audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorga aniqlangan kamchiliklar haqida oldindan xabar berilib, ularni mustaqil bartaraf etish imkonini beruvchi "maslahatchi auditor" tamoyili joriy etiladi;
bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini shakllantirishda inobatga olinadi.
Farmonga muvofiq, 2028-yil 1-yanvardan bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1-maydan tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:
taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi hamda ularni joriy etishdan kamida 3 oy oldin "Yagona darcha" bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;
vakolatli davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va ularning kalkulyatsiyasi mazkur tizimda ochiq joylashtiriladi;
ushbu talablarga rioya etilmagan holda o‘rnatilgan taqiq, cheklov va yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.
2026 yil 1-yanvardan quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy ravishda Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan o‘tkazish;
sertifikatlash organlarida belgilangan tartibda davriy baholash o‘tkazilmagan taqdirda ularni elektron tizimdan o‘chirib qo‘yish;
muvofiqlik sertifikatini berish rad etilmagan hollarda yoki xorijiy davlatlar ma’lumotlari asosida mahsulotlarni sertifikatlashga cheklov va taqiqlar joriy etish.
Bojxona jarayonlari bo‘yicha prezident farmoni imzolandi: qanday yengilliklar joriy etildi?