TOShKENT, 23 dek – Sputnik. O‘zbekistonda bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezident tegishli farmon imzoladi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni chegara o‘tkazish punktlariga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:
bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga kamaytiriladi;
bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.
2026 yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganida har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan hollarda quyidagi yuklar bo‘yicha bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi:
yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;
tarif va notarif cheklovlar qo‘llanilmaydigan eksport yuklari.
Shuningdek, tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarni egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi. Xususan:
bojxona to‘lovlari va soliqlarni qaytarish hamda o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlar joriy etiladi;
tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalari uchun alohida ruxsatnoma talab etilmaydi.