TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston armiyasining jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlili, shuningdek, rivojlangan xorijiy armiyalarning ilg‘or tajribalari keng joriy etilmoqda
Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan mudofaa vazirining axborotida aytib o‘tildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish muddati 1,2 baravar qisqartirilgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, muddatli harbiy xizmatni o‘tab chiqqan fuqarolarning 89,4 foizi ish bilan ta’minlangan. 2025-yilda esa 385 nafar harbiy xodim imtiyozli ipoteka kreditlari asosida yangi uy-joyga, yana 178 nafari xizmat uylari bilan ta’minlangan.
Mudofaa vazirligiga biriktirilgan 14,6 mingdan ziyod “alohida ishlash talab etiladigan yoshlar”dan qariyb 3,5 ming nafari muddatidan oldin profilaktik hisobdan chiqarilgan.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida vazirlikda “Call center” bo‘linmasi tashkil etilgan.