TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekistonda investitsiya vositachilari emitent nomidan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni sotish bo‘yicha, joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olib yoki olmasdan shartnomalar tuzishi mumkin. Bu qoida qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachilarining faoliyati to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan bo‘lib, hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, investitsiya vositachisi — mijozning topshirig‘i asosida, uning nomidan va hisobidan qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq bitimlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi hisoblanadi.
Investitsiya vositachisi shartnoma asosida mijozlarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
mijoz nomidan va hisobidan brokerlik xizmatlari;
o‘z nomidan, lekin mijoz hisobidan brokerlik xizmatlari;
depozitar operatsiyalar;
anderrayterlik xizmatlari;
market-meykerlik xizmatlari.
Shu bilan birga, investitsiya vositachilariga quyidagi harakatlar taqiqlanadi:
tegishli litsenziyasiz qimmatli qog‘ozlarga oid bitimlarni tuzish;
mijozlar bilan ularning qonunchilikda belgilangan huquqlarini cheklovchi shartnomalar tuzish;
taqiqlangan bitimlarda yoki qonunchilik talablari buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan operatsiyalarda ishtirok etish;
qimmatli qog‘ozlar va ularning narxlari to‘g‘risida qasddan noto‘g‘ri axborot taqdim etish orqali sotib olish yoki sotishga undash.