Bu yil ham o‘tgan yildagidek Rossiya prezidentining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti va katta matbuot anjumani Moskvadagi Gostinnaya hovlisida o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari bir necha soat davomida rossiyaliklar va jurnalistlar, shu jumladan, xorijiy OAV vakillarining savollariga javob bermoqda.
Mazkur tadbir zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan: zalda statistik ma’lumotlar, shuningdek rossiyaliklarning videoqo‘ng‘iroqlaridan lavhalar namoyish etilmoqda. Gostinnaya hovlisi esa so‘nggi yillarda davlat rahbari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkaziladigan an’anaviy maydonga aylangan.
Telekanallar efir uchun kamida uch soat ajratgan. Ta’kidlash joizki, 2001-yilda matbuot anjumani 95 daqiqa davom etgan bo‘lsa, 2004-yildan buyon u kamida 180 daqiqani tashkil etmoqda. 2024-yilda esa Vladimir Putin kameralar oldida to‘rt yarim soat davomida muloqot qilgan.
Prezident bu format haqida bir payt hazil tariqasida shunday degan edi: "Matbuot anjumanini ta’mirlash kabi tugatib bo‘lmaydi — uni faqat to‘xtatish mumkin".
2001 yildan buyon 18 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va 16 ta yirik matbuot anjumani o‘tkazildi. 2020-yilda ushbu formatlar birlashtirildi. Taҷriba muvaffaqiyatli bo‘lgani sababli, 2023-yildan boshlab tadbirlar “Vladimir Putin bilan yil yakunlari” deb nomlanmoqda.
Bu yil Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa uchun 2,5 milliondan ortiq savol kelib tushgan. Zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida ular onlayn tarzda qayta ishlandi.
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, savollar oldindan tizimlashtirilib, davlat rahbariga yuborilgan. Bu Putinga kerakli ma’lumotlarni tezkor tayyorlash imkonini bergan.
Peskov ta’kidlashicha, murojaatlarning 20 foizi ijtimoiy siyosatga oid bo‘lib, eng ommabop yo‘nalish hisoblanadi. Davlat va jamiyat masalalari — 11 foiz, uy-joy muammolari — 10 foiz, iqtisodiyot — 9 foiz, maxsus harbiy operatsiyalar — 8 foiz, sog‘liqni saqlash va uy-joy kommunal xo‘jaligi — 7 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilari bilan bog‘liq murojaatlar soni kamaygani qayd etildi. Bu harbiylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samara berayotganidan dalolat, deya ta’kidladi Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Yil yakunlari” tadbiridan so‘ng Putin harbiylar bilan alohida muloqot o‘tkazishi mumkin.
“Sberbank”ning sun’iy intellekt bo‘yicha eksperti Alena Stemparjevskayaning ma’lum qilishicha, eng ko‘p savollar Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnodar o‘lkasi, Rostov va Sverdlovsk viloyatlaridan kelib tushgan. Eng faol murojaatchilar esa 56 yoshdan oshgan ayollar hisoblanadi.
“Vladimir Putin bilan yil yakunlari” dasturi uchun savollar qabul qilish 4-dekabr kuni Moskva vaqti bilan soat 15:00 da boshlangan. Avvalgi yillardagidek, bu yil ham GigaChat sun’iy intellekt tizimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kelib tushgan murojaatlarni deshifrovka qilishda qo‘llanilmoqda.