TOShKENT, 18 dek – Sputnik. Rossiyaning Sverdlovsk viloyati korxonalarining O‘zbekiston energetikasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishi bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bu haqda O‘zbekiston elektr stansiyalari energiya uskunalarini ta’mirlash bo‘yicha yirik korxonalardan biri — "O‘zbekenergota’mir" AJ bosh direktori Jamoliddin Yakubovning Sverdlovsk viloyatiga tashrifi doirasida energetika uskunalari ishlab chiqaruvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida ma’lum qilindi.
Sverdlovsk viloyatining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Vacheslav Yarinning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yaqin besh yilda 1,7 mingdan ortiq podstansiyani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu mahalliy kompaniyalarni yetkazib berish va butlash ishlariga jalb etish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Sverdlovsk tomoni kuchlanish transformatorlari, yuqori va past kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, shuningdek, avtomatlashtirilgan himoya va boshqaruv tizimlari ishlab chiqaruvchilarini O‘zbekiston loyihalariga jalb etishga qiziqish bildirdi.