TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Toshkent shahriga avtomobillar kirishiga nisbatan hech qanday cheklov yoki taqiqlar joriy etilmayapti. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati poytaxt transport tizimini tashkil etishda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan bergan izohida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, nazorat-o‘tkazish punktlarining bir qismi shahar tashqarisiga ko‘chiriladi, qolgan qismi esa rekonstruksiya qilinadi. Ushbu hududlarda yirik avtoturargohlar, kempinglar, dam olish joylari hamda shaharga tez va qulay yetib olish imkonini beradigan rivojlangan jamoat transporti infratuzilmasi barpo etiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur choralar majburiyat emas, balki qo‘shimcha imkoniyat hisoblanadi. Haydovchilar o‘z xohishiga ko‘ra avtomobilni shahar kirishida qoldirib, safarni jamoat transportida davom ettirishi yoki avvalgidek shaxsiy avtomobilida shaharga kirishi mumkin bo‘ladi.
Bunday “Park & Ride” modeli dunyoning yetakchi megapolislarida keng qo‘llanilib, transport oqimini kamaytirish va shahar muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chora-tadbirlar Toshkent shahrida transport yuklamasini kamaytirish, tirbandliklarni qisqartirish hamda ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan.