TOShKENT, 17 dek – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi va MO davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni, jumladan, parlamentlararo hamkorlik orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar hamda o‘ta muhim xomashoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va davlat boshqaruvida ilg‘or yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish, parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari” faoliyatini jonlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasidagi uchrashuvlar kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi qayd etildi.