TOShKENT, 16 dek — Sputnik. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini moliyalashtirish uchun kredit bitimi imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi” MChJ (qo‘shma loyiha kompaniyasi) hamda Xitoy banklar sindikati, jumladan, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki o‘rtasida tuzildi.
Ma’lum qilinishicha, temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollar deb baholanmoqda. Shu mablag‘dan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35-yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Kreditni qaytarish qo‘shma kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Qolgan 2,3 milliard dollar esa uch davlat tomonidan qo‘shma loyiha kompaniyasi ustav kapitaliga quyidagi ulushlarda kiritiladi: Xitoy — 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — 24,5 foizdan.
Ta’kidlanishicha, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishiga rasman 2024-yil 27-dekabrda uch davlat prezidentlari tomonidan start berilgan.