Chet el kompaniya aksiyalari savdosiga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda kapital bozorini faollashtirish: 1 milliard dollar investitsiya, xorijiy investorlar uchun bozorni ochish va bank nazoratini xalqaro standartlarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini rivojlantirish va bank sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda qimmatli qog‘ozlar bozorining qiymati 275 trillion so‘mni, birjada erkin muomaladagi hajm esa 4 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritapti.
Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuvi YaIMga nisbatan 20 foiz bo‘lib, sohada katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish choralari muhokama qilindi.
Jumladan, “dual listing”ga (qimmatli qog‘ozlarni bir vaqtda ikkita yoki undan ortiq fond birjasida joylashtirish) ruxsat berish, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar va birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.
“Tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimi kengaytirilib, uni rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash hamda chet el qimmatli qog‘ozlari savdosiga ruxsat berish taklif etildi.
Mahalliy investorlarni jalb etish maqsadida kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiya chiqarish, shuningdek, ta’minotsiz obligatsiyalar orqali bozorni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qonunchilikni IOSCO talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish va professional ishtirokchilar ustav kapitali talablarini oshirish rejalari belgilandi.
Bank sohasida so‘nggi yetti yilda aktivlar 5,3 barobar o‘sib, 877 trillion so‘mdan oshgani, 35 ta bank faoliyat yuritayotgani, shu jumladan 3 ta xorijiy bank kirib kelgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston ilk bor XVJ va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi. Natijalar asosida kelgusi yildan bank nazoratini Bazel qo‘mitasining 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish va Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish belgilandi.
Davlat rahbari belgilangan vazifalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
“O‘zbekneftgaz”ning 850 mln dollarlik obligatsiya chiqarishi “Yil bitimi” deb topildi