TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Tadbirkorlik subyektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni kompleks tarzda ko‘rsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Prezident tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
1000 tadan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etish orqali tadbirkorlarning faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish;
tadbirkorlar muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal etish uchun sifat jihatdan yangi muloqot maydonini yaratish.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni “yagona darcha” asosida ko‘rsatishga qaratilgan “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida:
Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
dastlabki bosqichda markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, barcha viloyat markazlarida bittadan tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-martdan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilish tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra:
rahbarlar har chorakda tasdiqlangan reja-grafik asosida “Biznes hamroh” markazlarida tadbirkorlar bilan uchrashadi;
reja-grafiklar ochiq holda elektron platforma va rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi;
platforma orqali kelib tushgan murojaatlar asosida rahbarlar keyingi chorak rejalariga tadbirkorlar bilan uchrashuvlarni kiritadi;
platforma orqali chorak davomida hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yo‘naltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak reja-grafigiga ushbu hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishni kiritadi;
uchrashuvlarda va Call-markaz orqali qabul qilingan murojaatlar “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga joylashtiriladi.
Qayd etilishicha, “Biznes hamroh” markazlari zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtiriladi.