TOShKENT, 15 dek — Sputnik, Bahrom Hatamov. O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida "O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan tanlangan asarlar" katalogi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Katalog "O‘zmilliybank" AJ tomonidan san’at asarlari to‘planishining 30-yilligi hamda O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasining 20-yilligi munosabati bilan nashr etildi.
Nashr XX–XXI asrlarda ijod qilgan o‘zbek rassomlari, haykaltaroshlari va grafiklarining sara asarlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, milliy san’at maktabining shakllanishi, uslubiy xilma-xillik va mualliflarning individual badiiy izlanishlarini yoritadi. Katalogda asarlarning badiiy tahlillari, mualliflar haqida ma’lumotlar hamda yuqori sifatli illyustratsiyalar joy olgan.
"Ushbu katalog milliy badiiy merosni hujjatlashtirish va asrab-avaylash, shuningdek, zamonaviy o‘zbek san’atining rivojlanish yo‘nalishlarini keng jamoatchilikka namoyon etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi",— deydi ko‘rgazmalar va fondlar bo‘limi boshlig‘i Saodat Ruziyeva.
Taqdimot marosimi san’atshunoslar, kuratorlar, taniqli rassomlar, muzey xodimlari va san’at ishqibozlarini bir maydonga jamlaydi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy banki to‘plamining shakllanish tarixi, bankning madaniyatni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni hamda katalogning konsepsiyasi muhokama qilinadi.