TOShKENT, 15 dek — Sputnik. 2025 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 29 ta xalqaro olimpiadada jami 210 ta medal (40 ta oltin, 78 ta kumush va 92 ta bronza)ni qo‘lga kiritdi. Bu haqda nufuzli va mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu natijalar doirasida xalqaro olimpiadalarda 13 ta, mintaqaviy olimpiadalarda esa 138 ta medal qo‘lga kiritilgan. Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Daler Rahimov va Mirjahon Muhammadov har biri qariyb 1 milliard 40 million so‘m miqdorida mukofotga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston o‘quvchilari Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 50 ta (7 ta oltin, 13 ta kumush, 30 ta bronza), Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasida esa 19 ta medal (6 ta oltin, 8 ta kumush, 5 ta bronza)ni qo‘lga kiritib, yakka peshqadam sifatida tan olindi.
Qiyos uchun, xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar soni yillar davomida izchil o‘sib bormoqda:
2019 yil — 30 ta
2020 yil — 25 ta
2021 yil — 45 ta
2022 yil — 41 ta
2023 yil — 96 ta
2024 yil — 128 ta