TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Rossiyalik tennischi Polina Kudermetova sport fuqaroligini o‘zgartirib, endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Bu haqdagi ma’lumotlar sportchining Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) saytidagi profilida aks etgan.
Avvalroq tennischilar Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva ham O‘zbekiston fuqaroligini olgani hamda mamlakat bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok etish niyatida ekani ma’lum qilingan edi.
Polina Kudermetova 22 yoshda. U hozirda Ayollar tennis uyushmasi (WTA) reytingida 104-o‘rinni egallab turibdi. Sportchining faoliyatidagi eng yuqori natijasi — 2025-yil aprel oyida qayd etilgan 54-o‘rin hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Kudermetova hozirga qadar WTA tasnifidagi turnirlarda g‘olib chiqmagan. U mashhur tennischi Veronika Kudermetovaning singlisidir.