TOShKENT, 12 dek – Sputnik. Infografika jurnalistika va ommaviy axborot vositalarining eng muhim qurollaridan biriga aylandi. U materialni shunchaki “bezatib” qo‘ymasdan, balki uni keng auditoriya uchun tushunarli va qabul qilish oson bo‘lgan shaklga keltiradi. Aynan shu mavzuga SputnikPRO ta’lim loyihasi doirasida o‘tkazilgan Sputnik O‘zbekiston dizayneri Yaroslav Pronkoning ma’ruzasi bag‘ishlandi.
SputnikPRO ma’ruzasi ilk bor Toshkentdagi Puchon universitetida bo‘lib o‘tdi va 70 nafardan ziyod tinglovchilarni o‘ziga jalb etdi. Mazkur oliy o‘quv yurti Koreya ta’lim tizimi asosida faoliyat yuritadi hamda axborot texnologiyalari va boshqa zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Aynan shu bois infografika mavzusi talabalar uchun g‘oyat dolzarb bo‘ldi: ma’lumotlarni vizuallashtirish ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati bilan bevosita aloqador.
Ma’ruzachining aytishicha, samarali vizualizatsiya uchta amaliy masalani yechishga yordam beradi:
asosiy ma’lumotni bir zumda ko‘rsatib, o‘quvchi vaqtini tejaydi;
jarayonlarni tushuntiradi - ayniqsa, so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan holatlarni;
ko‘p ma’lumotlar orasida adashib qolmasdan, haqiqatdan ham muhim raqamlarni ajratib ko‘rsatadi;
odatda e’tiborni tortmaydigan quruq statistikani jonlantiradi.
“Infografika qiziqarli bo‘lishi mumkin: emoji, ikonka, rasmlar – agar ular ma’lumotni og‘irlashtirmasdan, u bilan o‘rinli uyg‘unlashsa”,– deya ta’kidladi ekspert.
Alohida qism infografika yaratishdagi keng tarqalganxatolarga bag‘ishlandi.
“Yaxshi infografikaning mezonlari – u smartfonda o‘qilishi kerak: sarlavha juda katta va aniq ko‘rinadigan raqamlar bo‘lishi lozim. Yomon infografika esa ko‘p tikilish kerak bo‘lgan ikonkalar va tartibsiz joylashtirilgan matndan iborat bo‘ladi”, - deb ta’kidladi Yaroslav Pronko.
Mahorat darsining eng amaliy qismlaridan biri texnik topshiriqqa bag‘ishlandi. Dizayner samarali mahsulot yaratishi uchun texnik topshiriq quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
infografika joylashtirilishi kerak bo‘lgan platforma,
format (kartochkalar, statik grafika, video),
topshirish muddati,
barcha ma’lumotlar yakuniy ko‘rinishda,
aniq sarlavha va kichik sarlavha,
axborot manbai,
kerakli urg‘ular (agar mavjud bo‘lsa).
Yakunida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda talabalar mutaxassisdan maslahat va kasbiy tavsiyalar oldi.
Ma’lumot uchun: SputnikPRO - Sputnik axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan media sohasidagi xalqaro ma’rifiy loyihadir. Bu jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurs talabalari uchun mo‘ljallangan noyob seminar, ma’ruza va mahorat darslari tizimi bo‘lib, unda eng yaxshi rossiyalik va xorijiy media-menejerlar, ekspertlar hamda agentlikning yetakchi mutaxassislari ishtirok etadilar.