O‘zbekistonga gastrol doirasida Toshkent shahrining 1-sonli musiqa va san’at maktabida, Rossiyada va undan tashqarida mashhur bo‘lgan Sverdlovsk viloyatining sevimli ijodiy jamoasi — “Ulibka” (Tabassum) bolalar raqs ansambli konsert berdi. Tomoshabinlar, jumladan, xoreograf-o‘qituvchilar va ularning tarbiyalanuvchilari uchun yorqin va qiziqarli bir soatlik dastur namoyish etildi.
“Viloyatimiz ko‘p millatli bo‘lgani uchun mordva, mari, chuvash va udmurt raqslari ham bor edi, biz barcha millatlarni namoyish etishga harakat qildik”, - dedi “Ulibka” ansambli badiiy rahbari, Rossiyaning xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olga Juravlova.
Shuningdek, yosh san’atkorlar klassik va zamonaviy estrada raqslarini taqdim etishdi. 1-sonli bolalar san’at maktabi o‘quvchilari ham mehmonlarni xursand qilishdi.
Konsertdan so‘ng Sverdlovsk davlat bolalar filarmoniyasi va 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi orasida hamkorlik memorandumi imzolandi, shuningdek, mehmonlar uchun maktab bo‘ylab qisqa ekskursiya va ta’lim jarayoni bilan tanishish tashkil etildi.
“Maktabimizga Rossiyadan mehmonlar tashrif buyurganidan xursandman. Biz tajriba va yutuqlarimiz bilan almashish, kelajakdagi madaniy aloqalar imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik. Umid qilamanki, bundan keyingi hamkorligimiz samarali bo‘ladi”, - dedi 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Fazliddin Islomov.
“Ulibka”ansambli gastrol dasturi doirasida Farg‘ona va Namanganda chiqish qilib, u yerdagi bolalar ijodiy jamoalari bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
“Menimcha, bizning tashrifimizning davomi endi mehribon Ural zaminimizda O‘zbekistondan kelgan jamoaning tashrifi bo‘ladi”, - dedi Sverdlovsk davlat bolalar filarmoniyasi direktori, Rossiya Federatsiyasining xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Lyudmila Skosirskaya.
“Sverdlovsk viloyati Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahri bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Biz savdo-iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishlarda tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Bu yil O‘zbekiston aholisiga sovg‘a - Sverdlovsk davlat bolalar filarmoniyasining gastrolini yuborishga erishganimizdan xursandmiz. “Ulibka” ansambli raqs tili orqali O‘rta Ural xalqlarining madaniy o‘ziga xosligini namoyish etdi. Ishonchim komilki, o‘zbek tomoshabinlari ko‘p millatli mintaqamizning tarixi va go‘zalligini his qilishdi”, – deya ta’kidladi Sverdlovsk viloyatining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Vacheslav Yarin Sputnik muxbiriga.
Batafsil - videoda.