TOShKENT, 11 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-12 dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Mirziyoyev Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30-yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.
Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirda xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston prezidenti forumning "Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lidagi maqsadlar mushtarakligi" mavzusida yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.
Sammit doirasida O‘zbekiston rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.